
Lola kutilmagan yangilikni sinab ko‘rishdan qo‘rqmaydi. U odamlarni hayratga solishni biladiganlar toifasidan. Faqat zamonaviy raqsga tushishni biladi deb turgan mahalingiz, milliy libosda Tamaraxonumdek jilolanib, raqsga tushishni ham uddalaydi (uning so‘nggi yakkaxon konsertini eslang!).
Rayhonning konsertida kutilmaganda sahnada paydo bo‘ldi-yu, ommani lol qoldirdi. U o‘ta zamonaviy libosda va badaniga chizdirilgan naqshli yozuv bilan ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokama sababchisiga aylandi. Axir, bu shou-biznes! Bu shou orqali hayratlantirish demak! Qisqa savol-javob sizni qiziqtirgan noaniqliklarga oydinlik kirtishiga umid qilamiz.
-Lola, har doim musiqiy chiqishlaringizda nimalardir o‘ylab topasiz. Bu gal ham shunday bo‘ldi...
-Men nimanidir o‘ylab topmayman. Epotaj bo‘lish xayolimda ham yo‘q. Qo‘shiq kayfiyati, holatiga qarab, obrazda bo‘lishni sahna talab etadi. O‘ylaymanki, yangi imijim tomoshabinlarga yoqdi. Yoqmagan bo‘lsa, bunga ham qarshiligim yo‘q. Axir, hammaning ko‘nglini birdek ololmaysan!?
-Rayhonning yangi konserti haqida yangi fikrlaringiz?
-Avvalambor, Rayhonni chin dildan tabriklayman. Uning uzoq kutilgan konserti muxlislarining sog‘inchiga munosib tuhfa bo‘ldi. Nihoyat, egizaklarining yuzini ko‘rishdi. U bugun sahnada baxtli ayol, baxtli ona sifatida gavdalandi! Rayhon juda mehnatsevar xonanda. Xamma narsaga o‘z intilishi, zahmatlari evaziga erishgan. U kuchli ayol. Muxlislarini har doim rang-barang shou bilan xursand qiladi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Sahnada ortida ham, zalda ham tomosha qildim. Effektno!
-Shoudan nima o‘rgandingiz?
-Men shouni analiz qilmadim. Shunchaki madaniy hordiq oldim!
-“Ko‘nikmadim” – birinchi kuylanishidanoq tillarga tushdi. Rayhon va Lola – ilk duetdosh bo‘lgani omma uchun ajoyib yangilik bo‘ldi. Duet esa haqiqatan shov-shuvli! Qo‘shiq muallifi Rayhonmi?
-Uni “Benom” yigitlari bilan birga yozdik. Biroq, qo‘shiq mukammal bo‘lishi uchun o‘z “yarmi”ni kutdi. Rayhonsiz bu qo‘shiqqa, “Ko‘nikmadim”ga omma ko‘nikmas edi! 27-fevral kuni barcha radioto‘lqinlardan premera qilamiz. Keyinroq klip suratga olamiz!
-Konsertdagi ko‘rinishingizni “juda ochiq libosdagi Lola” deya tanqid qilishayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Sizning fikringiz?
- Didimga mos tarzda kiyindim. O‘zimga yarashmagan ishni qilmadim deb o‘ylayman! Tanqidlar har doim bo‘lgan. Demak, hech kimni befarq qoldirmabdi! Bildirilayotgan har bir fikrni hurmat qilaman.
-Badaningizga chizdirilgan “tattoo”-chi? (Har holda, omma shunday deb o‘ylayapti!)
-Tatuirovkaga juda o‘xshaydi-ya?! Yo‘q, bu badan terisiga bir umrga tushirilgan yozuv emas. O‘chib ketadigan bo‘yoq bilan chizilgan. Umuman olganda, qanday kiyinish va nima qilishimdan qat’iy nazar, vijdonimga xilof ish qilmayman. Streotip bo‘yicha yashamayman! Men buni targ‘ib qilmoqchi emasman. Har kim o‘ziga yoqqan va ma’qul kelgan ishni qiladi. Aytishadi-ku, birovni muhokama qilma va seni ham muhokama qilishmaydi. Shu fikrga amal qilaman!
-Omadingizni bersin!
-Rahmat.
J.HAMROYEV
|